Haydovchi YTH sodir etdi va GAI ko‘z o‘ngida gugurt qutidagi marixuanani yutishga urindi

Hodisa sodir bo‘lgan joyga IIB YXHB inspektorlari yetib kelgach, R.T. ularni ko‘rib, o‘z og‘iz bo‘shlig‘iga noma’lum modda solgan va uni yutishga uringan
Sputnik

TOShKENT, 29 okt - Sputnik. IIV huzuridagi Tergov departamenti Internet ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar xodimi fuqaroning og‘iz bo‘shlig‘idan giyohvand vositasiga o‘xshagan moddani olganliklari yuzasidan tarqalgan ma’lumotlarga oydinlik kiritdi.

O‘rikdagi nasha: xatirchilik otaxon narkotik yashirish bo‘yicha antiqa usulni qo‘lladi

Aniqlanishicha, 26-oktabr kuni Qo‘shrabot tumanida 20 yoshli R.T. "Labo" avtomashinasini qarama-qarshi yo‘nalishga o‘tib boshqarishi oqibatida qarama-qarshi tomondan unga qarab harakatlanayotgan 16 yoshli S.S. boshqaruvida bo‘lgan "Vaz-2101" mashinasiga to‘qnashgan.

YTH natijasida hech bir kishi tan jarohati olmagan, avtomashinalar shikastlangan.

Hodisa sodir bo‘lgan joyga IIB YXHB inspektorlari yetib kelgach, R.T. ularni ko‘rib, o‘z og‘iz bo‘shlig‘iga noma’lum modda solgan va uni yutishga uringan. Bu holatni ko‘rgan atrofdagilar kuch bilan haydovchining og‘zidan ming so‘mlik kupuraga o‘ralgan, gugurt quti ichiga solingan, quruq holdagi, maydalangan, o‘tkir hidli giyohvandlik vositasiga o‘xshash moddani olishgan. Haydovchining so‘ntagidan shuningdek, giyohvand modda iste’moli uchun moslashtirilgan, angishvona o‘rnatilgan baklashka qopqog‘i topilgan.

Ish joyida marixuana qovurayotgan sport maktabi qorovuli qo‘lga olindi

Shundan so‘ng R.T., tuman IIB ma’muriy binosiga olib borilib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Sudga oid kimoviy ekspertiza xulosasida R.T.dan olib qo‘yilgan bir dona gugurt qutisidan sof og‘irligi 0,47 grammga teng marixuana giyohvand moddasi turiga kiruvchi tetragidrokannabinol aniqlangani bayon etilgan. Yelim qopqoq ichidan giyohvand modda - tetragidrokannabinol modda izlari topilgan.        

Hozirda mazkur holat bo‘yicha Qo‘shrabot tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.