TOShKENT, 29 okt - Sputnik. ShHT ga a’zo davlatlar transport vazirliklari vakillari o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi, deb xabar bermoqda Transport vazirligi axborot xizmati.
2020 yil 28-oktabr kuni videokonferensaloqa shaklida Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) ga a’zo davlatlar transport vazirlarining sakkizinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston delegatsiyasiga transport vazirining o‘rinbosari Davron Dehqonov boshchilik qildi.
Uchrashuvda tomonlar hamkorlik aloqalarini rivojlantirish istiqbollari hamda sohaga zamonaviy raqamli texnologiyalarni keng joriy etish masalalarini muhokama etishdi.
Shuningdek, tomonlar transport-logistika sohasida ko‘p tomonlama savdo iqtisodiy hamkorlik loyihasini amalga oshirish dasturi doirasida ishlarni o‘zaro muvofiqlashtirish yuzasidan fikr almashishdi.
"ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida transport sohasidagi hamkorlik ulkan salohiyatga ega, uni amalga oshirish, shubhasiz, mamlakatlarimizning barqaror rivojlanishi va ko‘p tomonlama savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi", - dedi Dehqonov.
Uchrashuvda favqulodda vaziyatlar, xususan, koronavirus epidemiyasi tarqalishi sharoitida trasport tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlash masalalari, shuningdek, pandemiyadan keyingi davrda sohani rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.