TDUUning xorijdagi ilk fakulteti Tojikistonda ochildi

Bitiruvchi talabalar Toshkent davlat yuridik universiteti va Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti diplomlarini qo‘lga kiritadi.
Sputnik

TOShKENT, 28 okt — Sputnik. Toshkent davlat yuridik universiteti va Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti o‘rtasida qo‘shma fakultetni tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Xorijda O‘zbekiston OTMning ilk filiali ochiladi

Qo‘shma fakultetda nafaqat Tojikiston, balki boshqa xorijiy mamlakatlarning fuqarolari ham o‘qishi mumkin. O‘qish xalqaro standartlarga muvofiq ingliz va rus tillarida olib boriladi.

Fakultetda kadrlar tayyorlash “bakalavriat” bosqichida “3+1” va “magistratura” mutaxassisliklarida “1+1” ikki tomonlama diplom dastur doirasida amalga oshiriladi va bitiruvchi talabalar TDUU va Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti diplomlarini qo‘lga kiritadi.

Tojikiston davlat huquq, biznes va siyosat universiteti Xo‘jand shahrida joylashgan bo‘lib, 6 ta fakultet, 3 ta o‘quv korpusi va 11 ta o‘quv laboratoriyalarini o‘z ichiga oladi. Universitetda 388 nafar professor-o‘qituvchi, jumladan, 148 nafar fan nomzodi va doktori faoliyat yuritadi.