TOShKENT, 25 okt — Sputnik. O‘zbekistonda 78 foiz o‘lim holatlari noinfeksion kasalliklar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda tibbiyot fanlari doktori, professor, Tibbiy xodimlarni kasbiy malakasini rivojlantirish markazining Valeologiya kafedrasi mudiri Shuhrat Irgashev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sog‘lom turmush tarziga amal qilgan insonlar, kasal bo‘lmaydi. Biron joyi og‘rib qolganda ham tez va oson salomatligini yana qayta tiklab oladi. Immuniteti kuchli, sog‘lom turmush tarziga amal qiluvchi kishilar, yoshidan qat’iy nazar, koronavirusni tez va oson yengib o‘tmoqda.
“Shuningdek, birinchi navbatda sog‘lom turmush tarziga amal qilmaslik noinfeksion kasalliklarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bular yurak qon-tomir, qandli diabet, onkologik, nafas yo‘llari xastaligi kabi kasalliklar bo‘lib, O‘zbekistonda 78 foiz o‘lim holatlari ayni shu xastaliklar bilan bog‘liq”, – deydi Irgashev.
Mutaxassis yuqumli bo‘lmagan xastaliklarga chalinmaslik uchun birinchi navbatda to‘g‘ri hayot tarzini yo‘lga qo‘yish talab etilishini qayd etgan.
U sog‘lom turmush tarziga amal qilishning 4 asosiy yo‘li mavjudligi ma’lum qilgan. Bular:
- to‘g‘ri ovqatlanish;
- jismoniy faollik;
- ruhiy salomatlik;
- zararli odatlardan voz kechish.
O‘zbekistonda COVID-19 bilan kasallanish va o‘lim holatlari kimlarda ko‘proq uchramoqda
Avvalroq O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov koronavirus bilan kasallanganda sog‘lom turmush tarziga amal qilish undan oson va tezroq xalos bo‘lishga ko‘maklashinini ma’lum qilgan edi. Uning ta’kidlashicha, bu nafaqat virusdan himoyalanish, balki uzoq va baxtli hayot kechirishning ham eng asosiy qoidasi, talabi hisoblanadi.