TOShKENT, 25 okt — Sputnik. 25-oktabr, yakshanbaga o‘tar kechasi rossiyalik sportchi Habib Nurmagomedov amerikalik Jastin Getji ustidan g‘alaba qozondi va yengil vaznda UFC chempionlik kamarini uchinchi marta himoya qildi.
Nurmagomedov 2018-yil 7-aprelida amerikalik El Yakvintani mag‘lub etib, UFC chempionlik kamariga ega chiqqan edi. U unvonni irlandiyalik Konor Makgregor (2018 yil 6-oktabr) va amerikalik Dastin Poryega (2019 yil 7-sentabr) qarshi janglarda himoya qila oldi.
Habib Jastin Getjiga qarshi kechgan jangdan so‘ng quyidagi so‘zlarni aytdi.
“Bugun UFCʼdagi so‘nggi jangim edi. UFC menga Jastin borasida qo‘ng‘iroq qilganda, men onam bilan gaplashdim, u otamsiz jang qilishimni istamadi, lekin men unga bu so‘nggi jangim bo‘lishini va’da berdim. Agar so‘z bergan bo‘lsam, uni oxirigacha tutishim darkor.
UFCʼdan xohlaganim – bu seshanba kuni vazn toifasidan qat’i nazar jangchilar reytingida birinchi o‘rinni egallash. Men bunga loyiqman, 29 ta jangda hech bir mag‘lubiyatsiz g‘alaba qozondim.
Men tog‘li qishloqdan bo‘lgan oddiy yigitman. Akam menga Google men sayyoradagi eng ko‘p muhokama qilinayotgan kishi ekanligimni aytayotgani aytdi. Men ishonmadim. Men shunchaki otam bilan birgalikda chempion bo‘lishni istagandim. Bularning hammasi mana bunday bo‘lib ketishi hayolimda yo‘q edi. Agarda ota-onangiz bo‘lsa, ularning yonida bo‘ling. Menda ularning biri qoldi – bu onam. Men unga ko‘proq vaqt ajratishni xohlayman”, – dedi yengilmas jangchi Nurmagomedov.
O‘z faoliyatini yakunlangan Habib yosh avlodga jang sirlarini o‘rgatish uchun murabbiylikda o‘zini sinab ko‘rishini ma’lum qilgan.