TOShKENT, 25 okt — Sputnik. O‘zbekistondagi Milliy reytingning kuchli uchligiga kirgan oliy ta’lim muassasalariga akademik va moliyaviy mustaqillik beriladi. Bu haqda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev AOKAdagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalarining milliy reytingida so‘nggi 5-yil davomida doimiy ravishda birinchi 3 ta o‘rindan birini egallagan OTMlarga oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash bo‘yicha akademik va moliyaviy mustaqillik beriladi.
Akademik va moliyaviy mustaqillikni belgilashda esa xalqaro ta’rif va standartlarga asoslaniladi, ya’ni mustaqillik mezonlari Yevropa universitetlari assotsiatsiyasi standartlariga muvofiq qabul qilinishi belgilanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining milliy reytingini e’lon qilgangan edi. Unga ko‘ra, gumanitar va iqtisodiy sohada O‘zbekiston Milliy universiteti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent moliya instituti, Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti yetakchi o‘rinlarni egallagan.