Sakkiz mingdan ziyod o‘zbekistonlik qo‘shimcha poyezlarda Rossiyadan olib kelinadi

Poyezdlar “Voljskiy” bekatidan 22, 23, 25, 26, 28, 29, 31-oktabr hamda 1 va 2-noyabr kunlari Voljskiy — Toshkent yo‘nalishida Rossiya vaqti bilan soat 21:57 da yo‘lga chiqadi.
Sputnik

TOShKENT, 22 okt — Sputnik. Rossiyadan 8 mingdan ziyod o‘zbekistonlikni olib kelish uchun qo‘shimcha poyezd qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Voljskiy temir yo‘llari kompaniyasi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

"Voljskiy - Toshkent" poyezdiga chiptalar sotish boshlandi

Ma’lum qilinishicha, avvaliga 5 ta poyezd qatnovi rejalashtirilgan edi. Keyinchalik poyezdlar soni yana 4 taga ko‘paytirilgan.

Poyezdlar “Voljskiy” bekatidan 22, 23, 25, 26, 28, 29, 31-oktabr hamda 1 va 2 noyabr kunlari Voljskiy — Toshkent yo‘nalishida Rossiya vaqti bilan soat 21:57 da yo‘lga chiqadi.

Har bir poyezd tarkibida 938 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan 20 tadan vagon bo‘lib, ular Rossiya hududi bo‘ylab to‘xtamasdan harakat qiladi. Chiptalar erkin sotuvda mavjud.

“Ushbu qatnovlar Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston hukumati kelishuvi asosida amalga oshirilmoqda”, - deyilgan xabarda.