TOShKENT, 21 okt — Sputnik. Qirg‘iziston prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakat bosh vaziri Sadir Japarov poraxo‘rlardan noqonuniy yo‘l bilan topilgan daromadlarini davlat g‘aznasiga qaytarishni talab qildi va ularga 30 kun muhlat berdi.
“Menga berilgan vakolatlardan foydalanib, rasman iqtisodiy afv e’lon qilaman. Afvdan maqsad, davlat budjetini to‘ldirish, xususan, qo‘shimcha resurslar topish. Jinoiy sxemalar tuzgan, oddiy xalq hisobiga boylik orttirgan poraxo‘rlar, sizlarga 30 kun vaqt beraman! Barcha topganlaringizni davlat g‘aznasiga qaytarishingizni talab qilaman! Davlatdan noqonuniy yo‘l bilan olingan har bir tiyinni ixtiyoriy ravishda joyiga qo‘ying. Yashirin mulk va pullaringiz haqida ochiq ma’lumot bering. Ma’lum qilingan mulk va daromadlaringiz daxlsizligini, barcha turdagi jazolardan ozod bo‘lishingizni kafolatlayman”, – degan murojaatida. Sputnik Qirg‘iziston murojaatning to‘liq matnini nashr etgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiy avf faqat bir marta qo‘llaniladi, boshqa imkoniyat bo‘lmaydi.
“Bu xalq talabi! Bu menga mamlakat taqdirini ishongan kishilar maqsadi”, - deya so‘zlarini yakunlagan Japarov.
5 oktabr kuni Bishkekda parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lganlarning norozilik namoyishlari boshlandi. Namoyishlar tezda tartibsizliklarga aylanib ketdi. 6-oktabr kuni MSK saylov natijalarini haqiqiy emas deb topdi va takroriy parlament saylovlarni 20-dekabrga belgiladi.