Masjidlar migrantlarga yordam markaziga aylandi - Abbasov

Oxirgi besh-yetti yillar ichida Rossiyada masjidlar migrantlar uchun o‘ziga xos yordam markazlariga aylandi.
Sputnik

TOShKENT, 20 okt - Sputnik. Rossiya Muftiylar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari, Rushan Abbasov Sputnik radiosiga Rossiyada masjidlar tomonidan og‘ir ahvolga tushib qolgan mehnat migrantlariga ko‘rsatilayotgan yordam haqida hikoya qilib berdi. 

Bosh muftiy yordamchisining so‘zlariga ko‘ra, pandemiya sharoitida migrantlarning aksariyati og‘ir ahvolga tushib qolishgan. Rossiya masjidlari esa ana shunday migrantlar uchun o‘ziga xos yordam markazlariga aylangan. 

"Qavmlarimiz orasida mehnat migratlari juda ko‘p. Biz ularga nafaqat ruhan balkim boshqa maslalarda ham yordam, maslahat beramiz. Oxirgi 5-7 yil ichida Rossiya masjidlari o‘ziga xos yordam markazlariga aylandi. Aldangan yoki ish qidirib yurgan migrantlar bizga ko‘plab murojaat qilishadi. Afsuski, so‘nggi vaqtlarda vafot etgan yaqinlarini ko‘mishga yordam so‘rab murojaat qilayotganlar ham ko‘paygan. OLdin vafot etganlarni vataniga qaytarishga harakat qilishgan bo‘lsa, hozir chegaralar yopilishi munosabati bilan bu masla ham qiyinlashib qolgan.Biz imkon qadar yordam berayapmiz, lekin buning uchun ko‘p kishini jalb qilishga to‘g‘ri keladi", — dedi Abbasov.

Muftiy yordamchisi aytishiga qaraganda, hududlarda ham musulmon jamoalari mahalliy hukumat vakillari bilan birgalikda migrantlar muammolarini hal qilishda yordam berishmoqda. Ana shunday yordam natijasi ko‘plab migrantlar ishga joylashmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi bir necha yil davomida O‘zbekiston hukumati tomonidan, mehnat migrantlariga yordam berish maqsadida, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tashkil etilib, Rossiyaning yirik shaharlarida uning vakolatxonalari ochilgan edi. Mehnat migratsiyasi agentligi og‘ir sharoitga tushib qolgan vatandoshlarni O‘zbekistonga qaytarish, jumladan vafot etgan migrantlarning tanalarini vataniga yuborish bilan ham bevosita shug‘ullanib kelmoqda.