Samarqandda tovlamachi blogerga jazo tayinlandi

Bulung‘ur tumanida tanqidiy maqola yozish bilan qo‘rqitib, 2 tashkilotdan 1,2 mln so‘m undirgan soxta blogerga jazo tayinlandi.
Sputnik

TOShKENT, 18 okt — Sputnik. Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida 2 tashkilotdan tovlamachilik yo‘li bilan 1 million so‘mdan ziyod pul olgan soxta blogerga jazo tayinlandi.

Oliy sud matbuot xizmati xabariga ko‘ra, o‘zini bloger deb tanishtirgan fuqaro D.R. 2020-yilning may—iyul oylarida ijtimoiy tarmoqlarga “Bulung‘ur dehqon bozori” mas’luliyati cheklangan jamiyati faoliyati bo‘yicha 3-marta tanqidiy va noto‘g‘ri maqolalar yozgan.

Toshkentda tovlamachi ayol o‘z mijozini antiqa tarzda chuv tushirdi

Mazkur maqolalarni ommaga oshkor etmaslik evaziga bozor raisi I.S.dan o‘zining nomiga ochilgan plastik kartasiga pul mablag‘lari o‘tkazib berishni talab qilgan va 2020-yil iyul—avgust oylarida jami 980 ming so‘m pulni o‘zlashtirishga erishgan.

Bundan tashqari, soxta bloger joriy yil avgustida “Bulung‘urtumangaz” filiali suyultirilgan uglevodorli gaz faoliyatiga oid ijtimoiy tarmoqlarga bir marotaba tanqidiy maqola yozgan. Keyinchalik yana salbiy mazmundagi maqolalar yozib, uni ommaga oshkor etmaslik evaziga filial mutaxassisi S.H.dan pul talab qilgan. Natijada 10-avgust kuni 300 ming so‘m pulni o‘zganing plastik kartasiga o‘tkazilishga erishgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Bulung‘ur tuman sudi sudlanuvchi D.R.ni Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi “a” bandi (Tovlamachilik) bilan aybdor deb topgan. Unga 4-yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.