O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sa’dulla Hakimov vafot etdi

Sa’dullo Hakimov vatan va yurt oldidagi xizmatlari uchun “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati”ordeni bilan taqdirlangan.
Sputnik

TOShKENT, 11 okt — Sputnik. O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi, jurnalist va shoir Sa’dulla Hakimov 69 yoshida vafot etdi. Bu haqda uyushma matbuot xizmati xabar berdi.

Sa’dulla Hakimov 1951-yil 25-martda Jizzax viloyatining Forish tumanida tug‘ilgan.

1977 yili O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan. Mehnat faoliyatini G‘allaorol tumanida o‘qituvchilikdan boshlagan. O‘zbekistonda sotsial ta’minot” jurnali mas’ul kotibi, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi bo‘lim mudiri, “O‘zbekiston ovozi” gazetasi bo‘lim mudiri, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi mas’ul kotibi, “Ma’rifat” gazetasi bosh muharriri, O‘zbekiston prezidenti devoni Axborot markazi rahbarining o‘rinbosari, rahbari, O‘zbekiston prezidentining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha Davlat maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bosh direktorining o‘rinbosari, “Turkiston-press” nodavlat axborot agentligi bosh direktori, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi bosh muharriri lavozimlarida ishlagan.

2016 yilning 29-dekabridan O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi lavozimida ishlab keldi.

Sa’dullo Hakimov vatan va yurt oldidagi xizmatlari uchun “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni (2002 yil), “Mehnat shuhrati”ordeni (2019 yil) bilan taqdirlangan.