Tojikistonda prezident saylovlari bo‘lib o‘tmoqda

Mustaqil Tojikiston tarixida oltinchi prezident saylovlariga ovoz berish boshlandi. Prezident kursisi uchun 5 kishi kurash olib bormoqda.
Sputnik

TOShKENT, 11 okt — Sputnik. Bugun, 11-oktabr kuni, mustaqil Tojikiston tarixida oltinchi prezident saylovlariga ovoz berish boshlandi.

Sputnik Tojikiston xabariga ko‘ra, respublika hududida jami 3 414 ta saylov uchastkalari ochilgan. Ular mahalliy vaqt bilan 20:00 da yopiladi.

Tojikistonda prezident saylovlari bo‘lib o‘tmoqda

Bundan tashqari, 29 ta xorijiy mamlakatda 39 ta saylov uchastkalari ochilgan. Rossiyada ovoz berish beshta shaharda – Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Ufa va Yekaterinburgda bo‘lib o‘tadi.

Bu yil mamlakat prezidenti lavozimiga 5 nafar nomzod da’vogarlik qilmoqda: Mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasi va respublika Yoshlar ittifoqi, Xalq demokratik partiyasidan Emomali Rahmon, Agrar partiyasidan Rustam Latifzoda, Sotsialistik partiyasidan Abduhalim G‘afforov, Tojikiston Iqtisodiy islohotlar partiyasidan Rustam Rahmatzoda va Kommunistik partiyadan Miroj Abdulloyev.

Tojikistonda prezident saylovlari bo‘lib o‘tmoqda

Saylovlarda g‘alaba qozonish uchun saylovchilarning kamida 50 foizining ovozini to‘plash kerak. Bunda saylovlardagi ishtirok 50 foizdan kam bo‘lmasligi lozim. 1994-yildan boshlab barcha saylovlarda amaldagi davlat rahbari Emomali Rahmon g‘olib bo‘lgan. Prezident yashirin ovoz berish yo‘li bilan yetti yilga saylanadi.