Pochta jo‘natmalarini onlayn kuzatish mumkin bo‘ladi

Nizomga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qator pochta jo‘natmalari Yagona milliy tizim orqali yo‘llanadi.
Sputnik

TOShKENT, 11 okt — Sputnik. O‘zbekistonda pochta jo‘natmalarini onlayn kuzatish mumkin bo‘ladi. Hukumat qarori bilan tegishli nizom tasdiqlandi.

Nizomga muvofiq, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan quyidagi pochta jo‘natmalari Yagona milliy tizim orqali yo‘llanadi:

yuridik va jismoniy shaxslar nomiga yuboriluvchi xat-xabarlar, shu jumladan, ular tomonidan yo‘llangan murojaatlarga yozilgan javob xatlari;

- to‘lov xabarnomalari va bildirishnomalar;

- chaqiruv qog‘ozlari, sud xabarnomalari va protsessual hujjatlar;

- davlat xizmatlarini ko‘rsatishning natijalari;

- ma’muriy huquqbuzarlik sodir etganlik uchun jarimaga tortish to‘g‘risidagi qarorlar.

Yagona milliy tizim orqali pochta jo‘natmalarini yetkazib berish bilan bog‘liq xizmatlar shartnoma asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekistonda milliy pochta tizimi isloh qilinadi

Har bir pochta jo‘natmasi to‘g‘risidagi ma’lumot Yagona milliy tizimdan onlayn kuzatib borilishi mumkin.

Yagona milliy tizimga elektron tarzda tushgan pochta jo‘natmalari avtomatik ravishda tegishli manzillar bo‘yicha pochta aloqasi bog‘lamalariga tarqatiladi.

Tegishli pochta aloqasi bog‘lamalariga elektron shaklda tushgan pochta jo‘natmalari qog‘oz ko‘rinishida chop etilib, manzillar bo‘yicha jo‘natiladi.  

Qog‘oz ko‘rinishida chop etilgan pochta jo‘natmalarini qabul qiluvchiga yetkazib berishning imkoniyati bo‘lmaganda jo‘natma 6 oy davomida saqlanadi.

“O‘zbekiston pochtasi” AJ Yagona milliy tizim operatori hisoblanadi.

Huquqiy jihatdan ahamiyatli bo‘lmagan xat-xabarlarni yetkazib berish jarayoni bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkaziladi.