O‘zbekiston 2020-yildagi iqtisodiy tanazzullardan holi bo‘ladi - Fitch Ratings prognozi

2020 yilning 9-oktabr kuni "Fitch Ratings" xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingi bo‘yicha navbatdagi hisobotini chop etdi.
Sputnik

TOShKENT, 10 okt - Sputnik. "Fitch Ratings" xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonning suveren kredit reytingi bahosini VV- (barqaror) darajada saqlab qoldi, deb xabar bermoqda Moliya vazirligi axborot xizmati.

O‘zbekiston 8 oyda 5,8 mlrd dollarlik oltin eksport qildi

Agentlik kutilmalariga ko‘ra, O‘zbekiston boshqa mamlakatlardan farqli o‘laroq, 2020-yildagi iqtisodiy tanazzullardan holi bo‘ladi. O‘sish sur’atlarining 2020-yil 1-chorak yakunlari bo‘yicha 0,2 foizga pasayishidan so‘ng, o‘sish sur’atlarning 0,5 foizga yetishi kutilmoqda. Shuningdek, fiskal choralar orqali iqtisodiyotda iste’mol va investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish va asosiy savdo sheriklarimiz iqtisodiyotining tiklanishi evaziga 2021-2022 yillarda respublikada iqtisodi o‘sish 5-5,5 foizni tashkil etadi.

Ta’kidlanishicha, agentlik, joriy yilning mart oyidan boshlab 65 %dan ortiq qayta ko‘rib chiqilgan hisobotlarida reyting ko‘rsatkich baholarini pasaytirgan.

Mustahkam Hukumat balansi, mo‘tadil davlat qarzi darajasi va o‘sish sur’atlari O‘zbekiston suveren kredit reytingini qo‘llab-quvvatlovchi omillar sifatida sanab o‘tilgan. Shu o‘rinda, institutsional va boshqaruv darajalarining sustligi, yuqori inflyatsiya darajasi va aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotining (YaIM) pastligi respublika kredit reytingini cheklovchi omillar sifatida keltirilgan.

Yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga doir prezident farmoni loyihasi tayyorlandi

COVID-19 global pandemiyasi davrida O‘zbekiston reytingining barqarorligi davlatning mustahkam tashqi va fiskal zaxiralarning mavjudligida, diversifikatsiyalangan tovarlar eksporti bazasida hamda tashqi moliyaviy manbalardan foydalanish imkoniyatlarida aks etadi. Oltinning yuqori narxi eksport, davlat moliyasi va xalqaro zaxiralar hajmiga ijobiy ta’sir etdi. Agentlikning fikricha, mustahkam tashqi va fiskal buferlar joriy operatsiyalar hisobi defitsiti va o‘sib borayotgan davlat qarzi bilan bog‘liq xatarlarni kamaytiradi.

Mamlakatning yosh aholisi, investitsiyalarning yuqori darajasi hamda nazorat ostida olib borilayotgan tizimli islohotlar dasturi inqirozdan keyingi ijobiy o‘sishga olib kelishi hisobotda alohida ta’kidlangan.

Agentlik ekspertlarining fikricha, 2017-yildan beri amalga oshirilib  kelinayotgan islohotlarga Hukumat tomonidan e’tibor katta bo‘lib, ular makroiqtisodiy barqarorlikni yaxshilash, o‘sish istiqbollariga erishish, davlatning iqtisodiyotdagi rolini kamaytirish,  institutsional va boshqaruv sohasidagi kamchiliklarni bartaraf etishni ta’minlaydi. Agentlik Hukumatning 2025-yilgacha mo‘ljallangan bank sektorini isloh qilish strategiyasi va 2020-2021 yillarda davlat korxonalarini xususiylashtirish rejalari haqida ma’lumot berdi.

O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sishi 2020-yilda sekinlashadi – OTB prognozi

Shuningdek, agentlik Jahon banki boshqaruv indikatorlarining ulushi suveren kredit reyting bahosida yuqoriligini aytib o‘tib, O‘zbekistonning mazkur indikatorlardagi o‘rni pastligi va bu institutsional salohiyatning yetarli emasligi, qonun usutvorligining notekis qo‘llanilishi va korrupsiya darajasining yuqoriligidan dalolat berishiga urg‘u berdi.

Agentlikning ta’kidlashicha, O‘zbekiston suveren kredit reytingi (shu jumladan reyting prognozi) quyidagi hollarda oshirilishi mumkin:

-    makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlagan holda yuqori iqtisodiy o‘sishga erishilganda;

- "qonun ustuvorligi", "aholi fikrini inobatga olish va hisobdorlik", "tartibga solish sifati" va "korrupsiyani nazorat qilish" kabi boshqaruv standartlari sezilarli yaxshilanganda;

-  davlat moliyasining fiskal va tashqi zahiralari sezilarli oshganda.