TOShKENT, 9 okt - Sputnik. Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini, 2020-yilda, global iqtisodiy inqiroz davrida BMT oziq-ovqat dasturi qo‘lga kiritdi.
Tashkilot saytida aytilishicha, "oziqlanish nihoyatda muhim global muammoligicha qolmoqda: har yil ochlikdan o‘ladigan norasidalar soni OITS, malyariya, sil kasalliklari qurbonlari yig‘indisiga qaraganda ancha ko‘pdir".
Dastur ishtirokchilariga ko‘ra, so‘nggi yillarda dunyoning har bir burchagida oziqlanish masalasiga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, The Lancet tibbiyot jurnalida 2008 va 2013-yillarda onalar va bolalar oziqlanishi masalalari bo‘yicha turkum maqolalar e’lon qilinib, ularda to‘yib ovqatlanmaslikning ulkan tibbiy va iqtisodiy oqibatlari ko‘rsatib o‘tilganidan so‘ng ushbu masalaning ahamiyati yanada ortgan edi.
Ochlik faqatgina o‘ldirmaydi: odamlar o‘lmagan taqdirda ham, ochlik immun tizimini zaiflashtiradi va insonni kasalliklar oldida ojizga aylantiradi, deyiladi dastur saytida.
"Ochlik - bir vaqtning o‘zida qashshoqlik va notenglik omillarining ham natijasi ham harakatlantiruvchi omilidir", - deya ta’kidlashadi BMT Butunjahon oziq-oqat dasturi tashkilotchilari.
Dasturning maqsadi - 2030-yilga borib to‘yib ovqatlanmaslik muammosiga yechim topishdir.
Butunjahon oziq-ovqat dasturi
Butunjahon oziq-ovqat dasturi (World Food Programme (WFP) — och qolgan insonlarni har yili 4 million tonna oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlaydigan dunyodagi eng yirik insonparvarlik tashkilotidir.
Tashkilot 1963-yilda BMT tizimida oziq-ovqat ko‘magi organi sifatida tashkil etilgan. Uning vazifasi rivojlanayotgan davlatlarda ochlik va kambag‘allikka qarshi kurashib, muhtojlarga yordam ko‘rsatishdan iborat.
Tashkilot oziq-ovqat bo‘yicha yordamlarini iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishga yordam berish maqsadlarida sarflaydi.