Paxta terim pulidan soliq olinmaydi - Adliya vazirligi

Bu yilgi paxta mavsumida ollanma terimchilarga 1 kilogram paxta uchun 1-terimda 1000 so‘mdan, 2-terimda 1400 so‘mdan kam bo‘lmasligi kerak va ushbu maoshdan hech qanday soliq olinmaydi. 
Sputnik

TOShKENT, 8 okt - Sputnik. Paxta terim pulidan soliq olinmaydi. Bu haqida Huquqiy axborot portali O‘zbekiston Soliq kodeksiga asosan xabar qilmoqda. 

"Soliq kodeksiga muvofiq, paxta yig‘im-terimi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb qilinadigan jismoniy shaxslarning paxta terish orqali topgan daromadiga soliq solinmaydi. Ya’ni necha kilogramm paxta tergan bo‘lsangiz ham, terim uchun berilgan puldan daromad solig‘i olinmaydi", - deyilgan xabarda. 

Huquqiy axbrot portaliga ma’lum bo‘lishicha, ayrim hududlarda10 kg paxta terimi pulidan 1 000 so‘m soliq uchun deb ushlab qolishayotgan ekan. Bunga javoban portal yuqoridagi ma’lumotni keltirmoqda.

Bu yil paxta terimchilarining maoshi qanday bo‘ladi?

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston qonunchiligida belgilanishiga ko‘ra, bu yilgi paxta mavsumida ollanma terimchilarga terim uchun pullar paxtaning kilogrammi uchun 1-terimda 1000 so‘mdan, 2-terimda 1400 so‘mdan kam bo‘lmasligi kerak. 

Undan tashqari Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarining barcha tumanlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qonliko‘l, Qorao‘zak, Kegeyli, Qo‘ng‘irot, Taxtako‘pir, Xo‘jayli, Shumanay, Chimboy va Nukus tumanlari, Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Mirishkor, Nishon, Kasbi, Qarshi tumanlarida, shuningdek, Surxondaryo viloyatining Qiziriq, Bandixon, Muzrabot va Sherobod tumanlarida terilgan har bir kilogram paxta uchun Davlat budjeti hisobidan qo‘shimcha 200 so‘m ustama to‘lanadi. 

Ishchi va ish beruvchi munosabatlari mehnat shartnomasi orqali rasmiylashtirilgan bo‘lishi kerak.