O‘zbekistonda bir guruh ayollarga internet-terrorchilar bosim o‘tkazmoqda

Ayrim noma’lum shaxslar tomonidan ayollarga tegishli fotosuratlar hamda shaxsiy telefon raqamlari ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilib, suratlar ostiga "bu fohisha, tez qo‘ng‘iroq qiling" mazmunidagi izohlarni yozib qoldirishmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 7 okt - Sputnik. O‘zbekistonda bir guruh ayollarga internet-terrorchilar bosimiga uchradi. Respublikaning turli hududlaridan bo‘lgan ayollar tomonidan Sputnik O‘zbekiston nashriga shu masalada madad so‘rab, murojaat yo‘llangan.

"Pul bermasang - sharmanda bo‘lasan": g‘ijduvonlik qiz intim-shantaj qurboniga aylandi

Ma’lum bo‘lishicha, ayrim noma’lum shaxslar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda ayollarga tegishli fotosuratlar hamda shaxsiy telefon raqamlari maxsus ochilgan kanallar orqali tarqatilib, ostiga "bu fohisha, u shu ish bilan shug‘ullanadi. Tez qo‘ng‘iroq qiling" mazmunidagi izohlarni yozib qoldirishmoqda.

Jabrdiydalardan biri namanganlik N.B. bo‘lib, u maktablarning birida o‘qituvchilik bilan shug‘ullanadi. Ayolning aytishicha, fotosurati hamda telefon raqami noma’lum shaxslar tomonidan telegramdagi kanallar orqali tarqatilib, o‘z o‘quvchilari orasida izza bo‘lmoqda. "Yoshim anchaga borib qoldi, el-u xalqning oldida qanday ayol bo‘lib ko‘rinyapman", deydi u.

S.B ismli ayol esa oila bekasi bo‘lib, u ham shu mazmunda shikoyat qilgan. Hozirda unga behayo kanallarga a’zo bo‘lgan begona erkaklardan tinimsiz telefon qo‘ng‘iroqlari bo‘lib, ochiqchasiga intim muloqotni taklif qilishmoqda.

Xorazmlik qiz intim-shantajchi qurboniga aylandi

Bekobodlik maktab o‘quvchisi R.B.ga ko‘ra, bir necha kun avval unga noma’lum bir ayol qo‘ng‘iroq qilib, telefon raqamini tarqatib yuborishi bilan bosim o‘tkazgan. O‘quvchi ayol talab qilgan pulni berolmasligini aytganida, ayol uning telefon raqamini Safiya ismi bilan tarqatib yuborgan. Natijada "Safiya"ni istab, o‘quvchiga yuzlab erkaklardan qo‘ng‘iroq qilingan...

Bundan tashqari toshkentda istiqomat qiluvchi Sh.Ya ismli ayol ham singlisi hamda yaqin dugonalari bilan birgalikda tushgan, internet tarmog‘ida shaxsiy sahifasida joylashtirgan fotosuratlari ushbu aytilayotgan telegram kanallari orqali tarqatilganligini aytadi. Ayol oilasi buzilishidan qo‘rqib, kanal admini bilan bog‘langan, murosa qilib, undan suratlarini kanaldan o‘chirib yuborishini iltimos qilgan. Kanal admini esa suratlarni 15 $ evaziga o‘z kanalidan o‘chirib tashlashini aytib, aytilgan summani "veb money" orqali yuborishini talab qilgan va ayolga o‘z hisob raqamini yuborgan.

Bir kun o‘tgach esa, yana ushbu ayolga telegram kanali orqali yozib, pul topgan yoki topmaganligi haqida so‘ragan. Ayol hali pul topmaganligini aytganida "kanal admini" uning suratlarini kanalda qayta tarqatib yuborgan.