Ko‘chaboshi va uyboshilarga har oy kompensatsiya to‘lash taklif qilindi

Ko‘chaboshi va uyboshilarni rag‘batlantirish tariqasida ularga kommunal xizmatlar uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida har oyda kompensatsiya pul to‘lovlari to‘lab berish taklif qilindi.
Sputnik

TOShKENT, 7 okt — Sputnik. “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida faol qatnashayotgan fuqarolarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi tayyorlandi.

Yevroprotokol va majburiy sug‘urta: IIV hukumat qarori loyihasini tayyorladi

“Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyat hokimliklarining 2021-yilning 1-yanvardan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida faol qatnashayotgan ko‘chaboshi va uyboshilarni rag‘batlantirish tariqasida ularga kommunal xizmatlar uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida har oyda kompensatsiya pul to‘lovlari to‘lab berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin”, - deyilgan hujjatda.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida faol qatnashayotgan ko‘chaboshi va uyboshilarni rag‘batlantirish tariqasida ularga kommunal xizmatlar uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha har oylik kompensatsiya pul to‘lovlari mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manbalari hisobidan amalga oshiriladi.

Ko‘chaboshi – fuqarolar yig‘ini hududidagi ko‘chalarning geografik joylashuviga qarab, aholining umumiy yig‘ilishida saylangan va ular nomidan fuqarolar yig‘inida faoliyat olib boradigan, ularning qonuniy manfaatlarini ifoda etadigan fuqaro;

Uyboshi – fuqarolar yig‘ini hududidagi ko‘p kvartirali uylarning geografik joylashuviga qarab, aholining umumiy yig‘ilishida saylangan va ular nomidan fuqarolar yig‘inida faoliyat olib boradigan, ularning qonuniy manfaatlarini ifoda etadigan fuqaro.

Ayni vaqtida hujjat qizqin muhokama qilinmoqda, foydalanuvchilar 20 tadan ortiq taklif kiritishdi.

Hujjat loyihasi 21-oktabrgacha muhokama qilinadi.