TOShKENT, 6 okt — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev milliy pochta tizimini isloh qilish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
“O‘zbekiston pochtasi” AJ tizimida mamlakatning barcha hududlarini qamrab olgan 2 mingdan ziyod bo‘linma, 7 ming nafar xodim bor.
Lekin yillar davomida e’tibor berilmagani oqibatida pochta xizmatining o‘rni pasayib ketdi. Xususan, so‘nggi o‘n besh yilda 1 ming 300 ta pochta bo‘linmasi yopilgan. O‘tgan yili xorijdan kelgan 6 ming tonna jo‘natmalarning atigi 10 foizi, kuryerlik xizmatlarining 30 foizi milliy pochta hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Shu bois joylardagi ahvol o‘rganilib, Osiyo taraqqiyot banki ekspertlari ishtirokida pochta tizimini isloh qilish bo‘yicha takliflar tayyorlandi. Davlat rahbari sohani rivojlantirish uchun pochta tizimini daromad keltiradigan sohaga aylantirish zarurligini ta’kidladi. Xususiy operatorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shimcha xizmatlarni taqdim etish orqali pochta bo‘limlari daromadini oshirish mumkinligi aytildi.
Masalan, hozirgi kunda elektron savdo rivojlanmoqda. Internet orqali sotib olingan tovarni egasiga yetkazib berishga doim talab bor. Qolaversa, yurtimizga kirib kelgan xalqaro tashuvchi kompaniyalarning hududlarda filiallari yo‘q. Bu imkoniyatlardan oqilona foydalanib, pochta jo‘natmalari va mahsulotlarni yakuniy manzilga yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish yaxshi samara beradi.
“Pochta sohasidagi eng asosiy vazifa odamlarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilishdir”, – dedi prezident.
Yig‘ilishda yakuniy manzilga yetkazish tizimini tumanlarda tajribadan o‘tkazib, kelgusi yil 1-martdan viloyat markazlarida, 1-iyuldan mamlakat bo‘yicha joriy etish rejasi belgilandi. Buning uchun jo‘natmalarni qabul qilish, saralash va onlayn kuzatish imkonini beruvchi avtomatlashgan axborot tizimini ishga tushirish kerakligi ta’kidlandi.
Shuningdek, shu yil yakunigacha milliy onlayn savdo maydonchasini joriy etish bo‘yicha topshiriq berildi. Bu tizim orqali tadbirkorlar ishlab chiqargan mahsulotini respublika bo‘yicha savdoga chiqaradi, milliy operator ularni manziliga yetkazib beradi. Bunda “O‘zbekiston pochtasi” xaridor va sotuvchi o‘rtasida kafil bo‘ladi. Shu maqsadda kelgusi yili Toshkent shahrida logistika markazini tashkil etish zarurligi qayd etildi.
Soha daromadini ta’minlash uchun yana bir manba – uncha murakkab bo‘lmagan davlat xizmatlarini pochta bo‘limlarida ham yo‘lga qo‘yish. Shu nuqtayi nazardan, “O‘zbekiston pochtasi” AJning olis hududlardagi 300 ta bo‘linmasida 13 xil davlat xizmati ko‘rsatishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi. Shuningdek, dastlab Sergeli, Yangiqo‘rg‘on va Toshkent tumanlaridagi pochta bo‘linmalarida naqd pul inkassatsiyasi, plastik karta amaliyoti kabi bank xizmatlarini joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Mutasaddilarga bosma nashrlarni qo‘llab-quvvatlash uchun matbuot tarqatish tizimini rivojlantirish, davriy nashrlarga onlayn obuna xizmatini yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.