Toshkent viloyatidagi qurilishda ishchining ustiga tuproq qatlami ko‘chib tushdi

Qurilishda oqava suvlari uchun xandaq qazish ishlari olib borilayotgan vaqtda tuproq qatlami ko‘chib, fuqaro M.M. ustiga tushib ketadi. Qutqaruvchilar fuqaroni hayotini saqlab qolishdi.
Sputnik

TOShKENT, 5 okt — Sputnik. Toshkent viloyatidagi qurilishda bir fuqaroning hayoti saqlab qolindi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Hodisa Bekobod tumani, Dalvarzin mahallasi hududida yangi barpo etilayotgan qurilish obyektida ro‘y bergan.

Voqea ushbu qurilish obyektining oqava suvlari uchun xandaq qazish ishlari olib borilayotgan vaqtda sodir bo‘lgan. Aniqlanishicha, mazkur xandaqni qazish ishlari yer sathidan 4 metr chuqurlikka yetganda, tuproq qatlami ko‘chib, fuqaro M.M. ustiga tushib ketadi.

Toshkent viloyatidagi qurilishda ishchining ustiga tuproq qatlami ko‘chib tushdi

Hodisaga guvoh bo‘lgan quruvchilar Toshkent viloyati Bekobod tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilib, sodir bo‘lgan vaziyat haqida xabar bergan.

Zudlik bilan hodisa joyiga yetib borgan qutqaruvchilar fuqaroni chuqurlikdan olib chiqib, tibbiy yordam xizmatiga topshirgan.