TOShKENT, 4 okt — Sputnik. Buxoro viloyati Peshku tumanida paxta ortilgan yuk mashinasining tirkamasida yong‘in chiqdi. Bu haqda YHXBB matbuot xizmati xabar qilmoqda.
2020 yilning 2 oktabr kuni soat 17:34 da Gazli shahar IIB navbatchilik qismiga tushgan xabarga ko‘ra, tuman hududidan o‘tuvchi A-380 avtomobil yo‘lining 393-kilometrida 40 yoshli haydovchi A.T. boshqaruvidagi yuk mashinasining tirkamasida yong‘in yuzaga kelgan. Yong‘in o‘t o‘chiruvchilar tomonidan bartaraf etilgan.
Yong‘in natijasida tan jarohati olganlar yo‘q. Fuqaro G‘.E.ga tegishli bo‘lgan tirkama va uning ichida bo‘lgan past navli paxta yonib ketgan.
Avtomobil tirkamasi po‘lat ustunlarining bir-biriga tegib, mexanik uchqun hosil qilishi, uchqunning tez yonuvchi mahsulot ustiga tushishi oqibatida yong‘in kelib chiqqanligi taxmin qilinmoqda. Hozir moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.
Holat yuzasidan Peshku tumani Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi va IIB YHXB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.