TOShKENT, 3 okt — Sputnik. Lamu taxallusli xitoylik bloger ayol, sobiq eri tomonidan ustidan benzin quyib, yoqib yuborilishi oqibatida halok bo‘ldi. Beijing Youth Daily yangiliklar portali xabariga ko‘ra, dahshatli hodisa 14-sentabr kuni to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda yuz bergan.
Lamu onlay-efir tashkil qilib, o‘z kuzatuvchilari uchun an’anaviy tibet qo‘shig‘ini ijro etayotgan bo‘lgan. Sobiq eri xonaga bostirib kirganida, translyatsiya davom etavergan. Bloger kuzatuvchilari ekran qorayib, ayolning chinqiriq ovozlari eshitilishi guvohi bo‘lganlar.
Shundan so‘ng Lamu Sichuan shahridagi kasalxonaga olib borilgan. Shifokorlar ma’lumotiga ko‘ra, ayol jiddiy kuyish jarohatlarini olgan: uning terisining 90 foizi kuyib ketgan. Ayol hayoti uchun doktorlar ikki hafta davomida kurashishgan, ammo 30-sentabr kuni bloger olamdan o‘tgan.
Lamu TikTokning xitoycha versiyasida mashhur edi. 30 yashar ayolning profiliga 800 mingga yaqin internet foydalanuvchilari a’zo bo‘lishgan.
Ayrim xitoy matbuotlarining xabariga ko‘ra, sobiq er Lamudan ayol ajrim tashabbuskori bo‘lgani uchun xuddi shu tariqa o‘ch olgan. Birgalikdagi hayotlari davomida ayol eri tomonidan doim oilaviy zo‘ravonlikdan aziyat chekkan. Ayolning ikki yosh bolasi bo‘lgan.
Qarindoshlari erkak ustidan sudga ariza berishgan, u qamalishi mumkin.