Avgust oyida eng ko‘p tug‘ilish qaysi viloyatda qayd etildi

2020 yilning 8 oyida respublika bo‘yicha 525 280 ta tirik tug‘ilish holatlari FHDYo organlarida qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 18 912 taga ko‘p.
Sputnik

TOShKENT, 30 sen — Sputnik. Joriy yilning avgust oyida O‘zbekiston bo‘yicha 83 925  ta tirik tug‘ilish holatlari qayd etilgan. Respublika bo‘yicha eng ko‘p tug‘ilish Samarqand viloyatida (9 585 ta) kuzatildi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yilning 8 oyida respublika bo‘yicha 525 280 ta tirik tug‘ilish holatlari FHDYo organlarida qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 18 912 taga ko‘p.

O‘tgan 8 oy mobaynida FHDYo organlarida qayd etilgan tirik tug‘ilishlar soni bo‘yicha Samarqand – 63 573 ta, Farg‘ona – 58 774 ta, Qashqadaryo – 55 774 ta va 50 601 ta bilan Andijon viloyatlari yuqori o‘rinni egallagan.

Ta’kidlanishicha, 1897-yilda O‘zbekiston hududida aholi soni 3,9 mln. kishini tashkil etgan bo‘lib, bu hozirgi Samarqand viloyati aholisi (3,9 mln. kishi) soniga teng degani.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq avgust oyida respublika bo‘yicha eng ko‘p nikoh 5035 ta qayd bilan Farg‘ona viloyatida kuzatilgani xabar qilingan edi.