TOShKENT, 29 sen — Sputnik. Surxondaryo viloyati Termiz shahrida post-patrul xizmati xodimi ko‘chaga tashlab ketilgan yangi tug‘ilgan chaqaloq (qiz)ni topib oldi. Bu haqda “Zamon” dasturida ma’lum qilindi.
Ma’lum bo‘lishicha, chaqaloq 27-sentabr kuni Termiz shahridagi 12-mehribonlik uyining darvozasi tagiga tashlab ketilgan. Shu hududdagi ichki ishlar xodimi ertalab soat 06:00 larda darvoza tagidagi qopdan chaqaloqni topib oladi va darhol tez tibbiy yordamga xabar beradi.
Shundan so‘ng tez yordam xodimlari kelib, chaqaloqni viloyat perinatal markaziga olib ketishgan. Hozirda uning ahvoli yaxshi ekani aytilmoqda.
Post-patrul xizmati xodimining so‘zlariga ko‘ra, hozircha chaqaloqni kim tashlab ketgani ma’lum emas.
“Chaqaloqni kim tashlab ketgani bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda”, – deydi PPX xodimi Sarvar Qurbonov.