Peterburgda migrantlarni moslashtirish markazi ochildi

Markaz huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish, chet tillarni o‘rganish kurslarini tashkil etish, Rossiyada vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish, turli tadbir va seminarlar o‘tkazishga mo‘ljallangan
Sputnik

TOShKENT, 29 sen — Sputnik. Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida O‘zbekistondan vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun borgan fuqarolarni moslashtirish markazi ochildi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar qilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida mehnat migratsiyasi sohasida bir qator masalalar yuzasidan muzokaralar o‘tkazish va aniq kelishuvlarga erishish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillaridan iborat delegatsiya a’zolari Rossiyada bo‘lib turibdi.

Moskvada migrantlar uchun kasb-hunar kurslari boshlandi

Delegatsiya a’zolari Sankt-Peterburg shahridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasining hamda “Ishga marhamat” monomarkazining moslashtirish markazi tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

Agentlik xabariga ko‘ra, markaz huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatish, chet tillarni o‘rganish kurslarini tashkil etish, Rossiyada vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish, turli tadbir va seminarlar o‘tkazishga mo‘ljallangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskvada migrantlar uchun kasb-hunar kurslari boshlangani xabar qilingan edi.