O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirishda Xitoy tajribasini o‘rganadi

O‘zbekiston hukumati kambag‘allikni qisqartirish sohasida Xitoy bilan hamkorlikning huquqiy asoslarini yaratishni taklif qildi.
Sputnik

TOShKENT, 28 sen — Sputnik. O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish sohasida Xitoy bilan hamkorlik qilmoqchi. Bu haqda 26-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan “Kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan hamkorlikni kengaytirish” mavzusidagi xalqaro videokonferensiya ma’lum bo‘ldi.

Konferensiya Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I, BMT bosh kotibining birinchi o‘rinbosari Amina Muhammad, BMT bosh kotibi o‘rinbosari Lyu Chjenmin hamda Misr, Qozog‘iston, Peru, Filippin, Janubiy Afrika va boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarning tashqi ishlar vazirlaridan tarkib topdi. 

Iqtisodiyot, bank va kambag‘allikni qisqartirish: Mirziyoyev 8ta yo‘nalish bo‘yicha topshiriq berdi

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi kambag‘allikni qisqartirish sohasida global hamkorlikni kuchaytirish zarurligi, shuningdek, ushbu mamlakatning qashshoqlikka qarshi kurashish bo‘yicha Xitoyning muvaffaqiyatli tajribasini rolini alohida ta’kidlagan.

Xitoy tashqi ishlar vaziri va BMT vakillari global pandemiya natijasida 70-100 millionga yaqin dunyo aholisi o‘ta qashshoqlik darajasiga tushib qolishi boyicha tahdidlar mavjud ekanligini ta’kidladilar. Shu munosabat bilan ular kambagallikni qisqartirish, moliyaviy va texnik yordam rolini kuchaytirish yuzasidan strategik sheriklik muhimligi hamda pandemiya sharoitida yanada zarur omilga aylangani qayd etdilar.

O‘zbekiston tomonidan quyidagilar taklif qilindi:

  • kambag‘allikni qisqartirish sohasida Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning huquqiy asoslarini yaratish;
  • XXRning kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tajribasini o‘rganish maqsadida, vazirliklar va idoralar xodimlari uchun xizmat safarlarini tashkil etish;
  • Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga Xitoydan maslahatchi-ekspert jalb qilish.

O‘z navbatida, Xitoy tomoni yordam ko‘rsatishga va kambag‘allikni qisqartirish sohasidagi tajribasi bilan o‘rtoqlashishga tayyorligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida so‘zlagan nutqida qashshoqlikni tugatish va kambag‘allikka qarshi kurashishni BMT Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bag‘ishlangan global sammit o‘tkazishni taklif etgan edi.