O‘zbekiston Armaniston va Ozarbayjonni harbiy harakatlarni to‘xtatishga chaqirdi

O‘zbekiston TIV bayonotida qayd etilishicha, o‘zaro qarama-qarshilik chog‘ida harbiy kuchning ishlatilishi ikki tomondan ham ko‘plab insonlarning qurbon bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Sputnik

TOShKENT, 27 sen — Sputnik. Ozarbayjon va Armaniston munosabatlaridagi keskinlikning oshishi O‘zbekistonda jiddiy tashvish uyg‘otmoqda.

O‘zbekiston TIV bayonotida qayd etilishicha, o‘zaro qarama-qarshilik chog‘ida harbiy kuchning ishlatilishi ikki tomondan ham ko‘plab insonlarning qurbon bo‘lishiga olib kelishi mumkin. 

O‘zbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligida raislik qilayotgan davlat sifatida MDH hududida do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari va o‘zaro ishonchni mustahkamlash, bahsli masalalarni xalqaro huquq normalariga qat’iy mos ravishda tinch yo‘l bilan hal qilinishining muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi.

“Ozarbayjon Respublikasi va Armaniston Respublikasini harbiy harakatlarni tezda to‘xtatishga hamda mojaroni suverenitet va hududiy yaxlitlik tamoyillariga rioya qilgan holda tinch yo‘l bilan bartaraf etish maqsadida diplomatik muzokaralarni boshlashga chaqiramiz”, - deyilgan bayonotda.

Tog‘li Qorabog‘dagi keskinlik

Tog‘li Qorabog‘dagi tutashuv chizig‘idagi vaziyat yakshanba, 27-sentabr kuni ertalab keskinlashdi. Tan olinmagan respublika Ozarbayjon harbiylari uning hududini, jumladan, poytaxt Stepanakertani o‘qqa tutganini ma’lum qildi. Tinch aholi orasida qurbonlar bor.

Qorabog‘dagi vaziyat: Rossiya TIV tomonlarni zudlik bilan o‘t ochishni bas qilishga chaqirdi

Boku va Yerevan vaziyatni keskinlashtirishda bir-birini aylamoqda. Ozarbayjon Mudofaa vazirligi arman tomoni o‘t ochgani, ozarbayjon tomoni esa hujumga qarshi amaliyotni boshlaganini ta’kidlamoqda. Armaniston Mudofaa vazirligi Qorabog‘ Ozarbayjon tomonidan havo va raketa hujumiga uchraganini ma’lum qilmoqda.

Armaniston hukumati Tog‘li Qorabog‘dagi hodisalar tufayli mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik joriy etdi. Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi rahbariyati ham shunday qaror qabul qilgan.

Ozarbayjon Milliy Majlisi (parlamenti) Tog‘li Qorabog‘da vaziyat keskinlashgani tufayli qator shaharlar va hududlarda harbiy holat joriy etishga qaror qildi.

Avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Boku va Yerevanni zudlik bilan o‘t ochishni bas qilishga va muzokaralar o‘tkazishga chaqirgan edi.