TOShKENT, 27 sen — Sputnik. Tojikistonning So‘g‘d viloyati Spitamen tumanida O‘zbekiston hisobidan qurilgan yangi maktab ochildi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
630 o‘ringa mo‘ljallangan umumta’lim maktabi O‘zbekiston prezidentining 2018-2019 yillarda O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha ishlab chiqilgan "Yo‘l xaritasi"ga muvofiq bunyod etilgan.
Maktabning tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi mamlakat delegatsiyasi ishtirok etdi.
Zamon talablari asosida bunyod etilgan ta’lim maskanida sifatli ta’lim olish uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan. Maktab fizika, kimyo, astronomiya, biologiya, chizmachilik bo‘yicha ixtisoslashtirilgan fanlardan amaliy mashg‘ulotlarni, shuningdek, o‘g‘il bolalarni metall va yog‘ochni qayta ishlash, qizlarni uy xo‘jaligi, oshpazlik san’ati va hunarmandchiligi bo‘yicha mehnat ko‘nikmalariga o‘rgatish uchun individual shartlarga binoan amalga oshirildi. Maktab yopiq sport zali, ochiq stadion, zamonaviy kutubxona bilan to‘liq jihozlangan.