TOShKENT, 27 sen — Sputnik. Toshkentning “Paxtakor” klubi Osiyo chempionlar ligasida o‘z yurishini davom ettirmoqda. Qatarda bo‘lib o‘tayotgan turnirning nimchorak finalida “sherlar” Eronning eng nomdor klubi “Istiqlol”ni 2:1 hisobda taslim etdi.
Toshkentliklar uchrashuvni juda faollik bilan boshlagan bo‘lsalarda, bahsda hisobni ochish eronliklarga nasib etdi. Birinchi bo‘limning 32-daqiqasida tajribali Ali Karimi o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘yib, “Istiqlol”ni oldinga olib chiqdi.
Ushbu goldan so‘ng “Paxtakor” futbolchilari oldinga tashlanishdi va bo‘lim yakuni arafasida muvozanatni tiklashdi. 43-daqiqada qanot himoyachisi Hojiakbar Alijonov tomonidan jarima maydonchasiga havodan uzatilgan to‘pni Dragan Cheran boshi raqib darvozasiga aniq yo‘lladi.
Ikkinchi bo‘lim boshida Eren Derdiyok Toshkent klubining tezkor hujumini gol bilan yakunladi. Qolgan vaqtda “Paxtakor” tehronliklarga imkoniyat qoldirmadi va hisob o‘yin yakuniga qadar saqlanib qoldi.
Shu tariqa “Paxtakor” futbolchilari 11-yillik tanaffusdan keyin Chempionlar Ligasi chorak finalida o‘ynaydigan bo‘lishdi. Bungacha jamoa 2003, 2004 va 2009-yillarda musobaqaning chorak finalida o‘ynagandi.
“Sherlar” 28-sentabr kuni qur’a natijasiga ko‘ra o‘z raqibini bilib oladi.