TOShKENT, 27 sen — Sputnik. Ozarbayjon Milliy Majlisi (parlamenti) Tog‘li Qorabog‘da vaziyat keskinlashgani tufayli qator shaharlar va hududlarda harbiy holat joriy etishga qaror qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar qilmoqda.
Parlament ushbu qarorni navbatdan tashqari yig‘ilishda qabul qilgan. Endi 48 soat ichida uni mamlakat prezidenti tasdiqlashi lozim.
Komendantlik soatini e’lon qilish Ozarbayjon IIV zimmasiga yuklanmoqda.
Tog‘li Qorabog‘dagi keskinlik
Tog‘li Qorabog‘dagi tutashuv chizig‘idagi vaziyat yakshanba, 27-sentabr kuni ertalab keskinlashdi. Tan olinmagan respublika Ozarbayjon harbiylari uning hududini, jumladan, poytaxt Stepanakertni o‘qqa tutganini ma’lum qildi. Tinch aholi orasida qurbonlar bor.
Boku va Yerevan vaziyatni keskinlashtirishda bir-birini aylamoqda. Ozarbayjon Mudofaa vazirligi arman tomoni o‘t ochgani, ozarbayjon tomoni esa hujumga qarshi amaliyotni boshlaganini ta’kidlamoqda. Armaniston Mudofaa vazirligi Qorabog‘ Ozarbayjon tomonidan havo va raketa hujumiga uchraganini ma’lum qilmoqda.
Armaniston hukumati Tog‘li Qorabog‘dagi hodisalar tufayli mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik joriy etdi. Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi rahbariyati ham shunday qaror qabul qilgan.
Avvalroq Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Boku va Yerevanni zudlik bilan o‘t ochishni bas qilishga va muzokaralar o‘tkazishga chaqirgan edi.
Qorabog‘ mojarosi 1988-yilning fevralida, Tog‘li Qorabog‘ avtonom viloyati o‘zining Ozarbayjon SSR tarkibidan chiqishi haqida e’lon qilganida boshlangan edi. 1992-1994 yilgi qurollangan qarama-qarshilik davomida Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘ va unga qarashli yettita tuman ustidan nazoratni boy bergan. 1992-yildan buyon YeXHTning (OBSE) Minsk guruhi doirasida - hamraislar - Rossiya, AQSh va Fransiya boshchiligida mojaroni tinch yo‘l bilan bartaraf etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazib kelinadi. Ozarbayjon o‘z hududi yaxlitligini saqlab qolishga qattiq turib olgan. Armaniston tan olinmagan respublika manfaatlarini himoya qilib keladi, chunki Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi muzokaralar tomoni emas.