Mirziyoyev “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi

Qonun bilan professional ta’lim boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim darajalariga ajratiladi.
Sputnik

TOShKENT, 24 sen — Sputnik. “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolandi.

Qonunga muvofiq, ta’lim turlari quyidagilardan iborat: maktabgacha ta’lim va tarbiya; umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim; professional ta’lim; oliy ta’lim; oliy ta’limdan keyingi ta’lim; kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish; maktabdan tashqari ta’lim.

Umumiy o‘rta ta’lim I–XI sinflarni o‘z ichiga oladi.

O‘rta maxsus ta’lim akademik litseylarda 9-yillik tayanch o‘rta ta’lim asosida 2-yil mobaynida amalga oshiriladi.

Professional ta’lim boshlang‘ich, o‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim darajalariga ajratiladi.

Boshlang‘ich professional ta’lim kasb-hunar maktablarida IX sinf bitiruvchilari negizida kunduzgi ta’lim shaklida 2-yillik integratsiyalashgan dastur asosida bepul amalga oshiriladi.

O‘rta professional ta’lim kollejlarda davlat buyurtmasi yoki to‘lov-shartnoma asosida davomiyligi 2-yilgacha bo‘lgan kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllari bo‘yicha amalga oshiriladi.

Mirziyoyev mamlakat oliy ta’lim tizimini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berdi

O‘rta maxsus professional ta’lim texnikumlarda davlat buyurtmasi yoki to‘lov-shartnoma asosida davomiyligi kamida 2-yil bo‘lgan kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllari bo‘yicha amalga oshiriladi.

Qonunga ko‘ra, davlat oliy ta’lim, o‘rta maxsus, professional ta’lim muassasalari va ularning filiallari, shuningdek davlat ishtirokidagi oliy, o‘rta maxsus, professional ta’lim tashkilotlari va ularning filiallari prezident yoki Hukumat qarorlari bilan tashkil etiladi.

Nodavlat ta’lim muassasalarini tashkil etish ularning ta’sischilari tomonidan amalga oshiriladi.

Nodavlat ta’lim tashkilotlariga litsenziya Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan beriladi.

Shuningdek, mazkur qonun bilan,1997 yil 29-avgustdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi hamda “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi qonunlar o‘z kuchini yo‘qotdi.

Ushbu qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.