Xitoy kompaniyasi O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi elektr uzatish tarmog‘ini tiklaydi

Xabarda yozilishicha, loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekiston va Tojikiston energiya tizimlarining paralell ishlashi vaqtida elektr energiyasi ishonchliligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Sputnik

TOShKENT, 24 sen — Sputnik. Xitoyning “Shanghai Electric Power Transmission & Distribution” kompaniyasi 500 kVli G‘uzor – Regar (L-507) elektr uzatish tarmog‘ini tiklash xalqaro tender tanlovida g‘olib bo‘ldi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

“Loyiha doirasida 500 kVli G‘uzor – Regar (L-507) elektr uzatish tarmog‘ining O‘zbekiston Respublikasi hududidagi 63 kilometr uzunlikdagi qismi qayta quriladi”, - deyilgan xabarda.

Loyihaning dastlabki qiymati 25 million dollarni tashkil etadi.

Ta’kidlanishicha, loyiha Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyasi bayonnomasi asosida amalga oshirilmoqda.