TOShKENT, 23 sen — Sputnik. O‘zbekiston tashqi qarzining umumiy hajmi 2020-yil boshidan 12,7 foizga yoki 3,1 milliard dollarga oshgan holda 2020-yil 1-iyul holatiga ko‘ra, 27,6 milliard dollarni tashkil qildi. Ushbu raqamlar Markaziy bank hisobotida keltirilgan.
“2020 yilning I yarim yilligida davlat tashqi qarzi o‘sish tendensiyasini saqlab qoldi. Ushbu jarayon COVID-19 virusining tarqalishi oqibatida yuzaga kelgan inqirozning ijtimoiy-iqtisodiy ta’sirini yumshatish uchun hamda hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha davlat dasturlarini moliyalashtirish uchun yangi qarzlarning jalb qilinishi bilan izohlanishi mumkin”, – deyilgan xabarda.
2020 yilning I yarim yilligida davlat sektori qarzdorligining o‘sishi 1,7 milliard dollarni tashkil qildi. Global pandemiya va iqtisodiy faollikning pasayishi sababli O‘zbekistonning suveren obligatsiyalari qiymati fond bozorlarida birja kotirovkalarining pasayishi natijasida 2020-yilning boshiga nisbatan kamaydi.
Banklar va iqtisodiyotning boshqa sektor korxonalari tomonidan qarz olish hajmining oshishi natijasida xususiy sektor qarzdorligi 1,4 milliard dollarga oshdi.
2020 yilning I yarim yilligida xususiy sektor tomonidan umumiy miqdorda 2,1 milliard dollar qarzdorlik jalb qilindi. Qarzlarni jalb qilish asosan banklar – 1,8 milliard dollar, tekstil va to‘qimachilik sektori korxonalari – 71 million dollar va iqtisodiyotning boshqa sektorlari – 154 million dollar tomonidan amalga oshirildi.