“Paxtakor” bosh murabbiyi Shota Arveladzeda koronavirus aniqlandi

“Paxtakor” bugun Qatarda Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichi 6-turi doirasida Eronning “Shahr Xodro” jamoasiga qarshi bosh murabbiysiz maydonga tushadi.
Sputnik

TOShKENT, 23 sen — Sputnik. “Paxtakor” bosh murabbiyi Shota Arveladzeda kecha o‘tkazilgan test natijasi musbat chiqdi. Bu haqda klub rasmiy saytida xabar qilindi.

Xabarda yozilishicha, jamoalar Qatarga yetib kelgandan buyon har o‘yindan avval koronavirus infeksiyasiga test topshirib kelmoqda. Shu kungacha “Paxtakor” futbol klubi delegatsiyasi a’zolari 4-marta test topshirgan.

“Kecha o‘tkazilgan testda bosh murabbiy Shota Arveladzeda virus borligi aniqlandi. Shu sababli u OFK protokoliga mos tarzda izolyatsiyaga olindi”, - deyilgan xabarda.

Qatarga yetib kelgan delegatsiya vakillari va futbolchilarda virus aniqlanmagan.

“Paxtakor” 23-sentabr kuni Osiyo Chempionlar Ligasi guruh bosqichi 6-turi doirasida Eronning “Shahr Xodro” jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Guruh bosqichining hal qiluvchi o‘yinini ular bosh murabbiysiz o‘tkazishga majbur.

5-tur natijalariga ko‘ra, "Paxtakor" o‘z guruhida 8 ochko jamlagan holda 2-o‘rinda bormoqda.