O‘zbekiston va Turkmaniston transport-kommunikatsiya yo‘lagini shakllantirishni muhokama qildi

Ikki mamlakat “O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-O‘mon” xalqaro transport-kommunikatsiya yo‘lagini shakllantirish bo‘yicha Ashxobod kelishuvini tezroq amalga oshirish tarafdori ekanliklarini ma’lum qildi.
Sputnik

TOShKENT, 22 sen — Sputnik. O‘zbekiston va Turkmaniston tashqi siyosiy idoralari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar navbatdagi raundi videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tdi.

Bu yil Germaniya, Litva va Turkmaniston bozorlarida O‘zbekiston uzumlari sotilmoqda

TIV matbuot xizmati xabariga ko‘ra,  muzokaralar chog‘ida siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, suv xo‘jaligi, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va aloqalarni rivojlanish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Tashqi ishlar vazirlari ilgari erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarning bajarilishini tahlil qildilar va qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish muddatlari, shu jumladan, Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Turkmaniston hukumatlararo komissiyasining navbatdagi raundi, O‘zbekiston-Turkmaniston ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishini o‘tkazish muddatlari to‘g‘risidagi takliflarni ko‘rib chiqdilar.

“Transport, transport-kommunikatsiyalari va tranzit sohasidagi aloqalarni kengaytirishga qiziqish bildirildi. Vazirlar “O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-O‘mon” xalqaro transport-kommunikatsiya yo‘lagini shakllantirish bo‘yicha Ashxobod kelishuvini tezroq amalga oshirish tarafdori ekanliklarini ma’lum qildilar”, - deyilgan xabarda.

Muzokaralarda ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi o‘zaro aloqalar, shuningdek, Afg‘oniston muammosiga alohida e’tibor berib, xalqaro va mintaqaviy kun tartibining ayrim masalalari ko‘rib chiqildi.