Bu yil paxta terimchilarining maoshi qanday bo‘ladi?

Paxtani qo‘lda terish necha pul? Shartnoma kim bilan imzolanadi? Majburiy mehnatga yo‘l qo‘yiladimi? Mehnat vazirligi vakili paxta terimi mavsumida har yili ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘layotgan eng muhim savollarga javob berdi.
Sputnik

TOShKENT, 22 sen – Sputnik. O‘zbekistonda paxta terimi mavsumi boshlanmoqda. Kecha Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Bosh davlat mehnat huquq inspektori Gulrux Niyozmetova ishtirokida ushbu dolzarb mavzuga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator muhim masalalar yoritildi.

Shartnoma va maosh

Paxta davrida yollanma terimchilar hamda paxta-to‘qimachilik klasterlari yoki fermer xo‘jaligi o‘rtasida fuqarolik huquqiy shartnoma tuziladi. Paxta to‘qimachilik klasterlari yoki fermer xo‘jaligida doimiy ishlab kelayotgan ishchilar bilan ham paxta terish bo‘yicha qo‘shimcha mehnat shartnomasi tuzilishi mumkin. Shartnomada mehnat sharoitlari va ish haqi aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi shart.

O‘zbekistonda paxtani qo‘lda terish uchun eng kam maosh qonun tomonidan belgilangan. 

Xususan, yollanma terimchilarga terim uchun pullar paxtaning kilogrammi uchun 1-terimda 1000 so‘mdan, 2-terimda 1400 so‘mdan kam bo‘lmasligi kerak. Ushbu narxlar shartnomada belgilanadi. 

Undan tashqari, qo‘yidagi hududlarda terilgan har bir kilogram paxta uchun Davlat budjeti hisobidan qo‘shimcha 200 so‘m ustama to‘lanadi:  Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarining barcha tumanlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qonliko‘l, Qorao‘zak, Kegeyli, Qo‘ng‘irot, Taxtako‘pir, Xo‘jayli, Shumanay, Chimboy va Nukus tumanlari, Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Mirishkor, Nishon, Kasbi, Qarshi tumanlarida, shuningdek, Surxondaryo viloyatining Qiziriq, Bandixon, Muzrabot va Sherobod tumanlarida.

Terimchilarning oylik maoshlari har 5 kunda (dam olish kunlaridan qat’iy nazar), zarurat bo‘lganda har kuni dalaning o‘zida tarqatiladi.   

Majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmaydi

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tmonidan 2020-yilning sentabr oyi boshlanishiga qadar “Majburiy mehnatdan ogoh bo‘ling!” nomli uslubiy qo‘llanmalar respublikaning barcha mahalla xodimlariga tarqatilgan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – maxalla fuqarolar yig‘ini xodimlarining majburiy mehnat to‘g‘risidagi habardorligini oshirishdir.

Albatta ishsiz fuqarolar qo‘shimcha daromad topish maqsadida o‘z xohishlariga ko‘ra paxta terishga jalb qilinishi mumkin. Bunda ularga barcha mehnat sharoitlari va maosh to‘lanadi.

Shuningdek, budjet tashkilotlarida ishlovchi xodimlar ham ishdan bo‘sh vaqtlarida, ya’ni shanba va yakshanba kunlari qo‘shimcha daromad topish maqsadida faqatgina o‘z hoxishlariga ko‘ra paxta terimida ishtirok etishlari mumkin.