O‘zbekistonda film olayotgan xorijiy kinokompaniyalarga 300 ming $ gacha xarajat qoplanadi

Xorijiy kinokompaniyalarga O‘zbekistonda amalga oshirgan xarajatlarining 20 foizi (biroq 300 ming dollardan oshmagan miqdorda) qaytariladi.
Sputnik

TOShKENT, 21 sen — Sputnik. Hukumat qarori bilan O‘zbekiston hududida o‘z filmlarini yaratishda xorijiy kinokompaniyalarga xarajatlarining bir qismini qaytarish (“rebate”) tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, xorijiy kinokompaniyalarga respublika hududida amalga oshirgan xarajatlarining 20 foizi (biroq 300 ming AQSh dollaridan oshmagan miqdorda) Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qaytariladi.

Bunda, xorijiy kinokompaniya respublika hududida filmlarni suratga olish uchun “O‘zbekkino” Milliy agentligidan ruxsatnoma oladi hamda hamkorlik bo‘yicha Memorandum imzolanadi.

Tretyakov galereyasida "O‘zbekfilm" durdonalari namoyish etilmoqda

Xorijiy kinokompaniya respublika hududida filmlarni suratga olish uchun O‘zbekistondagi tijorat banklarida maxsus hisob raqami ochadi va xarajatlarni shu orqali amalga oshiradi.

Ruxsatnoma muddati yakunlangandan so‘ng filmni suratga olish ishlari yakunlangan hisoblanadi.

Xarajatlarni qaytarish uchun tegishli hujjatlar Moliya vazirligiga taqdim etiladi va vazirlik tomonidan 10 kun muddatda qaror qabul qilinadi.

Agentlik xorijiy kinokompaniyalarga xarajatlar qismini qaytarishni muvofiqlashtiruvchi mas’ul davlat organi hisoblanadi.

Davlat budjetidan mablag‘ ajratilgan xorijiy kinokompaniyalar ro‘yxati Agentlik veb-saytiga joylashtiriladi.