Tretyakov galereyasida "O‘zbekfilm" durdonalari namoyish etilmoqda

Ushbu ko‘rgazma Rossiya yangi tarixida o‘zbek kinematografiyasi durdonalarining eng katta namoyishi bo‘ladi.
Sputnik

TOShKENT, 21 sen - Sputnik. Moskvadagi Davlat Tretyakov galereyasida "Mangu emas!1968-1985." ko‘rgazmasi doirasida "O‘zbekcha yangi to‘lqin" kinodasturi ochildi, deb xabar qildi "O‘zbekkino" milliy agentligi. 

O‘zbekiston Respublika Kinofondi bilan hamkorlikda tashkil etilgan ushbu tadbirda Shuhrat Abbosov, Ali Hamroyev, Qamara Kamolova, Damir Salimov, Elor Ishmuhamedov, Ravil Botirovlarning 1960 - 1970-yillarda yaratgan filmlari namoyish etiladi.

Kinoko‘rgazma 19-sentabr kuni soat 15.30 da "O‘zbekfilm" nufuzini ko‘klarga ko‘targan Shuhrat Abbosovning "Mahallada duv-duv gap"filmi bilan boshlandi. Namoyish Angi Tretyakov galereyasining Katta zalida Rossiya Davlat Kinofondi kolleksiyasida saqlanayotgan 35 mm li hajmdagi nusxasi namoyish etiladi, - deb ma’lum qilgan Tretyakov galereyasining kinodasturlar bo‘limi boshlig‘i Maksim Pavlov.

"O‘zbekcha yangi to‘lqin" kinodasturi tomoshabinlarga "Mahallada duv-duv gap", "Sen yetim emassan!", "Toshkent - non shahri!", "Nafosat", "Sevishganlar", "Uchrashuv", "Surayyo", "Laylak keldi-yoz bo‘ldi", "Olmos", "41 yil olmalari", "Matonat", "Yettinchi o‘q", "Achchiq danak", "Inson qushlar ortidan boradi", "Mevazorlik ayol", "Muxlis", "Abu Rayhon Beruniy", "Yovvoyi" kabi mumtoz filmlarni in’om etadi. 

Ta’kidlash joizki, o‘zbek kinematografiyasining bunday katta hajmdagi kinoasarlari namoyishi sovet davridan keyin Rossiyada ilk bor o‘tkazilmoqda, deyiladi xabarda. 

Kinodasturga atoqli kinoshunos Nigora Karimova va "O‘zbekkino" Milliy agentligi huzuridagi Respublika Kinofondi rahbari Eljon Abbosovlar rahbarlik qilishmoqda.