O‘zbekistonda koronavirus: 21-sentabr asosiy xabarlari

Sutka davomida 430 kishida koronavirus aniqlandi, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 52 070 nafarni tashkil qilmoqda.
Sputnik

TOShKENT, 21 sen — Sputnik. Sputnik O‘zbekiston respublikadagi epidemiologik vaziyat to‘g‘risida asosiy xabarlarni to‘pladi.

Bir sutka davomida 430 kishida koronavirus aniqlandi, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 52 070 nafarni tashkil qilmoqda.

Yangi kasallanish holatlarining 235 nafari Toshkent shahrida, 24 nafari Namangan viloyatida, 12 nafari Jizzax viloyatida hamda 10 nafari Toshkent viloyatida tana harorati ko‘tarilganligi hamda koronavirusga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganligi sababli namuna olingan fuqarolar orasida aniqlangan.

Sog‘ayish ko‘rsatkichi

Bugunning o‘zida 437 nafar bemor tuzalib, o‘z uylariga kuzatildi. Respublika bo‘ylab jami sog‘ayganlar soni 48 369 nafarga yetdi. Sog‘ayish ko‘rsatkichi 93 foizga yetdi.

Ayni paytda 3 264 nafar bemorga belgilangan standartlar bo‘yicha davo choralari ko‘rilmoqda.

O‘lim holatlari

Kun davomida koronavirusga chalingan 4 nafar bemor – poytaxtlik 65 yoshli Z.Ch. (ayol) 46 yoshli H.I. (erkak), 62 yoshli X.Sh. (erkak) va 31 yoshli S.B. (erkak) vafot etdi.

O‘zbekistonda jami 437 kishi pandemiya qurboni bo‘ldi.

Vaksina sinovida ishtirok etish

O‘zbekiston “Vektor” markazi ishlab chiqargan vaksina sinovlarida ishtirok etishga qiziqish bildirdi.

Rospotrebnadzor O‘zbekiston SSV huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi bilan videokonferensiya orqali muloqot o‘tkazdi. Unda koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish, “Vektor” virusologiya va biotexnologiya davlat ilmiy markazi” tomonidan yaratilayotgan “EpiVakKorona” Rossiya vaksinasining sinovlarini muhokama qildi.

Dunyo salomatligi

Dunyo bo‘ylab infeksiyani yuqtirib olgan kishilarning soni 31,0 milliondan oshdi, 960 ming kishi vafot etdi, 21,3 million kishi tuzaldi. Eng ko‘p holatlar AQShda (6,8 mln), Hindistonda (5,5 mln), Braziliyada (4,5 mln).