AQSh yadro qurolini Yevropadan olib chiqishni rad etdi

AQSh prezidentining maxsus vakili Marshal Billingsli AQSh yadro qurolini Yevropadan olib chiqmasligini ma’lum qildi.
Sputnik

TOShKENT, 21 sen — Sputnik. AQSh Rossiya bilan har qanday taklif qilingan mavzularni muhokama qilishga tayyor, ammo Yevropadan yadro qurolini olib chiqmaydi, dedi AQSh prezidentining maxsus vakili Marshal Billingsli "Kommersant" gazetasiga bergan intervusida.

Yerdagi jahannam: AQShning Yaponiya shaharlariga atom bombasini tashlashi

AQSh yadro qurolini Yevropadan olib chiqishga tayyormi yoki yo‘qmi degan savolga u: "Yo‘q, biz buni qilmaymiz. Ammo Rossiya biz bilan gaplashmoqchi bo‘lgan hamma narsani muhokama qilishga tayyormiz" dedi.

"Biz Rossiya tomonining pozitsiyasini o‘ta jiddiy qabul qilamiz va o‘zaro manfaatli masalalar, shuningdek tomonlardan birini tashvishga soladigan masalalar bo‘yicha professional muloqot o‘tkazishni muhim deb bilamiz. Shuning uchun shak-shubhasiz biz Rossiya bilan NATO haqida va alyans a’zolariga berilgan yadroviy tiyib turish kafolatlarimiz to‘g‘risida gaplashishga tayyormiz. Ammo biz yadroviy qurolni, u saqlanadigan biron bir joyidan olib chiqmaymiz. Rossiya Federatsiyasidan ham shuni talab qilmaymiz. Biz Rossiya hukumatidan Kaliningraddan barcha yadro qurollarini olib chiqishini yoki shunga o‘xshash narsalarni qilishni talab qilmayapmiz", - dedi Billingsli.

Venada 17-18 avgust kunlari RF va AQSh o‘rtasida strategik barqarorlik va qurollarni nazorat qilish bo‘yicha maslahatlashuvlarning navbatdagi raundi bo‘lib o‘tdi. Delegatsiyalarga Rossiya tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Sergey Rabkov va AQSh prezidentining qurol nazorati bo‘yicha maxsus vakili Marshal Billingsli boshchilik qilishdi. Natijada Rabkovning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralarda Amerika tomoni SNV-3ni uzaytirish imkoniyati yo‘qligini namoyish qildi, Vashington bu niyatini qayd etishga tayyor emas.

Strategik hujumkor qurollarni qisqartirish to‘g‘risidagi shartnoma (SNV-3) - Rossiya va AQSh o‘rtasida qurollarni cheklash bo‘yicha amaldagi yagona shartnoma hisoblanadi. U 2021-yil 5-fevraldan keyin o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Ilgariroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin dastlabki shartlarsiz shartnomani besh yilga uzaytirishni taklif qilgan edi. Shu vaqt AQSh administratsiyasi turli darajalarda Rossiya, Xitoy va AQSh o‘rtasida yangi uch tomonlama yadroviy bitim bo‘yicha muzokaralar olib borish uchun muzokaralarga Xitoyni qo‘shish zarurligini ta’kidlamoqda. Pekin bu fikrni rad etmoqda.