TOShKENT, 20 sen — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiyaning gipertovushli qurol yaratish sabablarini ma’lum qildi. Bu haqda u “VPK “NPO mashinostroyeniya” OAJ faxriy bosh quruvchisi, bosh direktori Gerbert Yefremov bilan videokonferensiya vaqtida ma’lum qildi.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, AQSh raketaga qarshi mudofaa bo‘yicha shartnomadan chiqib ketganidan so‘ng Moskva ushbu qurolni yaratishga majbur bo‘lgan.
“Amerika Qo‘shma Shtatlarining 2002-yilda Raketaga qarshi mudofaa bo‘yicha shartnomadan chiqishi Rossiyani gipertovushli qurol ishlab chiqarishga kirishishga majbur qildi. Kelgusida butun yadro potensialimizni amalda yo‘q qilish xususiyatiga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan AQShning Raketaga qarshi mudofaa strategik tizimini kengaytirishiga javoban bu qurolni yaratishimiz shart edi”, - dedi Putin.
Putin hozir Rossiya ilk bor eng yangi tarixda eng zamonaviy qurol turlariga ega ekanligini ta’kidladi. Hozirda bunday qurol hech kimda yo‘q.
“O‘nlab yillar davomida biz doim quvuvchi rolida bo‘lishimizga to‘g‘ri keldi, siz buni yaxshi bilasiz. Bu atom, yadro qurollari, so‘ngra strategik aviatsiya, undan keyin qit’alararo raketa texnikasi sohalarida. Mana endi, yangi tariximizda ilk bor Rossiya eng zamonaviy qurol turlariga ega, ular bugungi kunda mavjud barcha qurollardan kuchi, tezligi, aniqligi bo‘yicha bir necha baravar ustun, bunday qurol hech kimda yo‘q, har holda, hozircha yo‘q", - dedi u.
Rossiya yetakchisi suhbat davomida “Avangard” gipertovushli majmuasini aynan Gerbert Yefremov yaratganini ma’lum qildi.