XTV televizion darsdagi xatolik uchun uzr so‘radi

16 sentabr kuni efirga uzatilgan ingliz tili fani videodarsida Nyu-York AQShning poytaxti deb aytilgan edi. Aslida Vashington AQShning poytaxti hisoblanadi.
Sputnik

TOShKENT, 20 sen — Sputnik. Xalq ta’limi vazirligi maktab o‘quvchilari uchun televizion darsda qo‘yilgan xatolik uchun uzr so‘radi va chet tili o‘qituvchilarining tarkibi qayta ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi.

Joriy yilning 14-sentabr kunidan boshlab maktab o‘quvchilari uchun televizion darslar uzatila boshlandi.

Ta’kidlanishicha, “Onlayn-maktab” loyihasi doirasida har kuni 100 dan ortiq (30-35 soat) darslar tasvirga olinmoqda. Mazkur darslarda imkon qadar xatolik o‘tmasligiga harakat qilinmoqda.

“Biroq, 16-sentabr kuni efirga uzatilgan chet tili fani videodarsida ayrim xatoliklarga yo‘l qo‘yildi. Eng avvalo, mazkur holat uchun barchadan uzr so‘ramoqchimiz. Xalq ta’limi vazirligi tomonidan darslarda yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida chet tili o‘qituvchilarining tarkibi qayta ko‘rib chiqildi, dars muharriri almashtirildi hamda darslarda tajribali o‘qituvchilar jamoasini yanada kengaytirish maqsadida mahoratli pedagoglar uchun tanlov e’lon qilindi”, - deyilgan xabarda.

Vazirlik keng jamoatchilik va ijtimoiy tarmoq faollaridan “Onlayn-maktab” loyihasida ishtirok etayotgan o‘qituvchilarni kamsitmaslikni so‘rab qolgan.

“Har birimiz xatolikka yo‘l qo‘yishimiz mumkin, ish bor joyda xatoliklar ham uchrab turadi. Lekin, bu xatoliklarni oldini olish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik choralari ko‘rilmoqda”, - deya qo‘shimcha qilgan vazirlik.

XTV bu vaziyat barchani o‘z vazifalarini bajarishda e’tiborliroq bo‘lishga va ishga professional yondashishga undashiga umid bildirgan.

Vazirlik hozirgi sharoitda o‘z sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yib ham an’anaviy ham masofaviy shaklda faoliyat olib borayotgan hamda videodarslarni tasvirga olish jarayonlariga jalb qilingan o‘qituvchilarga minnatdorchilik bildirgan.