TOShKENT, 17 sen — Sputnik. O‘zbekiston va Qozog‘iston aviakompaniyalari vakillari Urganch va Aqtau o‘rtasida muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama qildi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, Urganch va Aqtau o‘rtasida muntazam reyslarning ochilishi O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida turizm rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
Videokonferensiya davomida tomonlar Urganch va Aqtau o‘rtasida aviaqatnov ochilishining amaliy masalalarini ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, turizmni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Ikki davlat turistik kompaniyalarining uchinchi mamlakatdan sayohatchilarni jalb qilishi uchun O‘zbekiston va Qozog‘iston tarixiy markazlari bo‘ylab safarni o‘z ichiga olgan qo‘shma turistik yo‘nalishlar, xizmatlar to‘plami, dasturlar ishlab chiqishi zarurligiga e’tibor qaratildi.