O‘zbekistonda 15-oktabrdan karantin choralari yana qattiq kuchaytiriladimi

Nurmat Otabekov O‘zbekistonda qat’iy karantin choralari qaytarilishi borasidagi mish-mishlarga oydinlik kiritdi.
Sputnik

TOShKENT, 15 sen — Sputnik. Respublika maxsus komissiyasi va Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Nurmat Otabekov O‘zbekistonda qat’iy karantin choralari qaytarilishi borasidagi mish-mishlarga oydinlik kiritdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, respublikada hali karantin choralari bekor qilinmagan, balki yumshatilgan.

Otabekov fuqarolarning noto‘g‘ri tushunganliklari natijasida aholi orasida  koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni kamaymayotganligi sir emasligini ta’kidladi.

“Bir narsani unutmaslik kerak “men, sen, ular” deyilganidek, karantin tadbirlari kuchaytirilishi va yumshatilishi bizning xatti-harakatlarimizga bog‘liq, agar biz karantin va cheklov tadbirlarini mensinmas ekanmiz, profilaktik tadbirlarni unutib qo‘yarkanmiz, mutaxassis shifokorlarning tavsiyalariga rioya etmas ekanmiz, u holda kasallik ko‘payib ketishiga va Respublika maxsus komissiyasini karantin choralari kuchaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilishga majbur qilamiz”, - dedi respublika bosh sanitariya inspektori Otabekov.

Mutaxassis aholiga karantin choralarining kuchaytirilishi kabi taxminlarga ishongandan ko‘ra o‘zining profilaktik tadbirlarni amalga oshirishga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish maqsadga muvofiq ekanligi qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 15-avgustdan boshlab karantin cheklovlari bosqichma-bosqich yumshatilgan edi.