"Rosatom" rahbari O‘zbekistonga keladi

Rosatom rahbari Aleksey Lixachev AES qurilishi borasida muzokaralar o‘tkazish uchun yaqin vaqt ichida O‘zbekistonga kelishini xabar qildi.
Sputnik

TOShKENT, 15 sen - Sputnik. "Rosatom" rahbari O‘zbekistonga kelishini xabar qildi. Bu haqida Aleksey Lixachev "Exo Moskvi" radiostansiyasi efirida 14-sentabr kuni xabar qildi. 

"Biz hozir O‘zbekistonda ikkita blokli AES qurilishini juda faol muhokama qilmoqdamiz. Men intervyudan so‘ng u yoqqa uchib ketaman", - dedi Lixachev. 

Biroz oldin O‘zbekiston energetika vaziri Sherzod Xodjayev ayni damda Rossiya bilan atom elektr stansiyasi qurish haqidagi shartnoma hozircha imzolanmaganini, lekin muzokaralar "finish chizig‘iga" chiqqanini xabar qilgan edi. 

Rossiya va O‘zbekiston 2018-yilda Atom elektr stansiyasi qurish haqida dastlabki shartnomani imzolashgan edi. Unga ko‘ra Rossiya O‘zbekistonda umumiy quvvati 1,2 GVt bo‘lgan "3+" avlod atom elektr stansiyasi qurishi rejalashtirilgan. Kelajakda ushbu AES quvvati 4,8 GVtgacha kuchaytirilishi mumkin. 

Ayni damda Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li yaqinida AES uchun joy tanlangan. U yerda muhandislik-tekshiruv ishlari olib borilmoqda. 2019 yil fevralida imzolangan 10-yillik konsepsiyaga ko‘ra, O‘zbekistonda AES qurilishi 2022-yilda boshlanishi kerak.