TOShKENT, 13 sen — Sputnik. O‘zbekistonda sug‘urta polisi yonida bo‘lmagan haydovchilarning transport vositalarini ushlab turish tartibi bekor qilinadi. Bu Senat ma’qullagan O‘zbekistonning ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunda ko‘zda tutilgan.
Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 291-moddasiga, transport vositalarini ushlab turish va ko‘rikdan o‘tkazish asoslari va tartibiga o‘zgartish kiritilmoqda.
“Endilikda transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi yonida bo‘lmagan haydovchilar transport vositalarini boshqarganda ularning avtotransport vositalarini ushlab turish tartibi bekor qilinadi. Bu bilan fuqarolar mulk huquqlarining kafolatlari kuchaytiriladi. Bu esa fuqarolarga nisbatan jazo bazasini qisqartirgan holda korrupsiya holatlarining oldini olishga xizmat qiladi”, - deyilgan Senat xabarida.
Ma’qullangan qonun prezident tomonidan imzolanib, belgilangan tartibda e’lon qilingandan so‘ng kuchga kiradi.