TOShKENT, 13 sen — Sputnik. Yengil vazn toifasida UFC chempioni Habib Nurmagomedov “sog‘lig‘i imkon berishiga qadar” janglarda ishtirok etishni davom ettirishini ma’lum qildi. Bu haqda u Jang san’ati forumi doirasidagi onlayn konferensiyada ma’lum qildi.
“Juda ko‘p savollar bor: “Qachon yakunlaysan?” Tushunaman, odamlar g‘alabalarimdan charchashdi, biror bir yangilikni istashadi. Tanam imkon berar ekan, yanada kuchli bo‘lar ekanman, faoliyatimni yakunlash borasida aniqlik yo‘q. Kurasha olishim, o‘z vaznimda eng zo‘r bo‘lish va og‘ir yuklamalarni qabul qila olishimni his qilar ekanman, ketish haqida o‘ylamayapman <...> Kuch-quvvatdan qola boshlaganimni anglashim bilanoq, sportdan ketaman”, - dedi sportchi.
Nurmagomedov so‘nggi jangini 2019-yil 7-sentabr kuni o‘tkazgan edi. O‘shanda amerikalik Dastin Poryeni taslim etib, kamarini himoya qilgan edi. Habib barcha janglarida g‘alaba qozongan. Janglarda uning 28-marta qo‘li baland kelgan, biror marta ham mag‘lubiyat alamini totib ko‘rmagan.
Uning keyingi jangi joriy yil 24-oktabr kuni Abu-Dabida bo‘lib o‘tadi. U amerikalik Jastin Getji bilan bo‘lajak jangda chempionlik unvonini himoya qiladi.