TOShKENT, 12 sen - Sputnik. O‘zbekistonda o‘qituvchilardan "COVID-19"ga qarshi test olish boshlandi, deb xabar qildi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.
"2020 yil 11-sentabr holatiga ko‘ra, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan o‘rta ta’lim maktablarining jami 486 521 nafar o‘qituvchilarning 275 616 nafari (56,6 foizi) maxsus laboratoriya usulida koronavirus infeksiyasiga tekshiruvdan o‘tkazildi.
Laboratoriya tahlili natijasida kasallik aniqlangan o‘qituvchilar ro‘yxatga olinib, ularning holati hududlarda tashkil etilgan mobil tez tibbiy yordam guruhlari tomonidan o‘rganilmoqda, kasallik simptomlari aniqlangan o‘qituvchilar shifoxonalarda davolanishga yuborilmoqda", - deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, ularning aksariyatida kasallik simptomsiz va yengil shaklda kechayotgani ko‘rinmoqda. Bunday o‘qituvchilar uy sharoiritida davolanishga o‘tkazilib, belgilangan davo muolajalarga ko‘ra, ularga bepul koronavirus bokslari (aptechkalar) yetkazib berilmoqda.
Shuningdek, bunday o‘qituvchilar bilan muloqotda bo‘lganlar hududiy Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmalari tomonidan aniqlanib, ularning ro‘yxatlari karantin tadbirlarini joriy etish uchun hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalariga yuborilmoqda
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda barcha boshlang‘ich, umumiy o‘rta ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari xodimlarini markazlashgan tartibda grippga qarshi bepul emlash belgilangan edi.