TOShKENT, 12 sen - Sputnik. Milliy gvardiya qo‘mondoni qo‘l jangi federatsiyasiga rahbar etib saylandi, deb xabar bermoqda jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati.
"Bugun O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligida Oʻzbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish videoselektor shaklida tashkil etildi. Unda tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi. <...> O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasi raisi lavozimiga bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘mondoni sifatida faoliyat olib borayotgan Djurayev Rustam Mirzayevich nomzodi taklif etildi va yig‘ilish delegatlari tomonidan bir ovozdan saylandi", - deyiladi xabarda.
Rustam Djurayev federatsiya raisi lavozimiga saylanishida ishonch bildirganlarga alohida minnatdorlik bildirib, qo‘l jangi sport turini mamlakatda yangi bosqichga olib chiqish, bu sport turi bo‘yicha sportchi va trenerlarga shart-sharoitlar yaratish, mamlakatda uyushmagan yoshlar o‘rtasida ushbu sport turi bo‘yicha tizimli musobaqalar tashkil etish, shuningdek, federatsiyaning hududlardagi moddiy-texnika bazasini takomillashtirish bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan takliflarini bildirgan.