TOShKENT, 12 sen - Sputnik. Hindistonlik tabiatshunos Ganshyam Prasad Bxanvare ikki ilon va bir laqqa baliq ishtirokidagi g‘aroyib olishuvni kameraga muhrlashga muvaffaq bo‘ldi, deb yozadi The Daily Mail.
Kadrlarda aks etishiga qaraganda, suvda bo‘lgan ilon boshqa bir ilonning boshini yutayotgan laqqa baliqning dumiga chang solgan.
Voqea guvohining so‘zlariga ko‘ra, jang harsang tosh ustidagi ilonning laqqa baliqqa hujum qilishidan boshlangan. Ammo, baliq unga chap bergan va sudraluvchining boshini yutishga muvaffaq bo‘lgan. Qurbon baliqni suvdan tepalikka sudrab olib chiqishni boshlagan mahalda, suvdan ikkinchi ilon sakrab chiqqan va ehtimoliy o‘ljaning dumiga tishlari bilan yopishib olgan.
Sudraluvchilar va baliq shu alfozda yarim soatcha turgan. So‘ngra, pastdagi ilon jag‘ini ochib yuborgan va suvga tushgan, uning ketidan ikkinchisi ham "taslim bo‘lgan". Natijada laqqa baliq bus-butunligicha, eson-omon o‘z manzili tomon suzib ketgan.
Videoda muhrlangan ilonlar - baliqlar va qurbaqalar bilan oziqlanuvchi zaharsiz suvilonlar ekanligi aytilmoqda.